20.02.2018    13:01    1895

2018-yil 17-fevral kuni Toshkent davlat yuridik universiteti katta majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda prokuratura organlarida ish oʻrganishlarini tizimli tashkil etish va amalga oshirish maqsadida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan “Boʻlajak prokurorlar klubi” a’zolarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda bir qator davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Abduvoxitov Abdujabbor Abdusattorovich, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi oʻrinbosari Dehqonov Baxodir Akbaralievich, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori Qudratxodjaev Botir Baxromovich, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Boboxonov Akramxon Aloxonovich, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Kattaxonova Dilnoza Sobirjonovna hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori Nugmanov Nugman Abdullaevichlar ishtirok etdi. Tadbir davomida mehmonlar tomonidan prokuratura organlarida ish oʻrganishlarini tizimli tashkil etish va amalga oshirish maqsadida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan “Boʻlajak prokurorlar klubi” aʻzolari boʻlgan Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalariga “Boʻlajak prokurorlar klubi” belgisi va beyjigini tantanali topshirildi.

Tadbir soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari – Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Esemurat Sultamuratovich Kanyazov tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga oʻzining samimiy minnatdorchiligini bildirdi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga universitet faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va faoliyat samaradorligini oshirishda qoʻshayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorchilik bildirib, universitetning esdalik sovgʻasini topshirdi.