20.11.2017    09:42    1977

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan va uning mamlakatimizni keng miqyosdagi xalqaro-huquqiy faoliyatining huquqiy poydevori ekanligini inobatga olgan holda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 10-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishida demokratik huquqiy davlat barpo etish va qonun ustuvorligini ta’minlashda Konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyatini yoritishga qaratilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, joriy yilning 18-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro huquq” mavzusidagi respublika miqyosida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ilmiy-amaliy konferensiya ishida milliy qonunchilik va xalqaro huquq sohasining yetuk mutaxassislari ishtirok etishdi. Jumladan, konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, yu.f.d., professor A.X.Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi B.J.Matmuratov, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais o‘rinbosari, yu.f.n., dotsent A.B.Gafurov hamda boshqalarning maruzalari tinglandi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlarining mustahkamlanishi, inson huquqlariga oid xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka tadbiq etilishi, mamlakatda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarini xalqaro standartlarga muvofiqligi, tashqi siyosatga oid konstitutsiyaviy prinsiplar, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari va ularni milliy qonunchilikka implementatsiyasi, O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligining konstitutsiyaviy asoslari, hozirgi zamon xalqaro huquq tizimi bilan konstitutsiyaviy prinsiplarning nisbati, O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi va suverenitetini yanada mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, O‘zbekistonning xalqaro huquq ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki, global va mintaqaviy muammolarni hal qilishda O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy tashabbuslari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqidan kelib chiquvchi vazifalar muhokama qilindi.

Anjumanda ishlab chiqilgan tavsiyalar, ma’ruzalar va anjuman ishtirokchilarining maqolalari va tezislarini “Konstitutsiya va xalqaro huquq” mavzusidagi respublika konferensiyasi materiallari nomida to‘plam shaklida nashr qilish rejalashtirilgan.