16.06.2017    19:55    8123

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909 sonli Qarorini ijro etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining rivojlanish konsepsiyasiga muvofiq, Buyuk Britaniyaning Lester universiteti bilan Anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu Memorandum Universitet qoshida Lester xalqaro tadqiqotlar oliy maktabini tashkil etishni inobatga olib, xalqaro munosabatlar va diplomatiya, xalqaro iqtisodiyot, xalqaro biznes, xalqaro moliya va xalqaro xususiy huquq yo‘nalishlarida xalqaro toifadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek yangi bakalavr va magistrlik dasturlarini tatbiq etish, ilmiy-pedagogik kadrlarni amaliyoti va malaka oshirishini tashkil etish, ekspert-tahliliy laboratoriya va markazlarning o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish sohasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tashabbusi bilan 1992 yilda asos solingan bo‘lib, universitet diplomatik xizmat va xalqaro mutaxassislarni tayyorlash hamda malakasini oshirish, shuningdek tashqi siyosat, xalqaro iqtisodiy munosabatlar va xalqaro huquq sohalarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiradi.

1921 yilda tashkil topgan Lester universiteti Buyuk Britaniyaning yetakchi ilmiy-tadqiqotga asoslangan universitetlaridan biri bo‘lib, “Times Higher Education” xalqaro reytingi bo‘yicha dunyoning eng nufuzli 1%, QS World University Ranking xalqaro reytingi bo‘yicha dunyoning eng nufuzli 2% ga kiruvchi va Buyuk Britaniyaning 25-o‘rinda turuvchi oliy o‘quv muassasisidir. Lester universitetida 28 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.