14.01.2016    11:25    18306

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Toshkent harbiy garnizonining 532-sonli harbiy qismi bilan birgalikda tashkil qilingan tadbirda ofitserlar, serjantlar, majburiy harbiy xizmatni o'tayotgan askarlar, madaniyat xodimlari va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Uchrashuvda so'zga chiqqan universitet professor-o'qituvchilari mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, qurolli Kuchlar Bosh qo'mondoni Islom Karimov rahbarligida professional tayyorgarlikka ega bo'lgan zamonaviy qurol va texnika bilan ta'minlangan milliy armiyani shakllantirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta'kidladilar. Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish hozirgi kunda har bir fuqaro uchun yuksak sharafga aylangan.

Ushbu sohadagi ijobiy o'zgarishlarning natijalari mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta'minlash hamda xalqimiz tinchligining ishonchli kafolati shuningdek, yoshlarni ruhan va jismonan tarbiyalash maktabi hisoblangan qurolli Kuchlarning mutlaqo yangi modelini yaratishda namoyon bo'lmoqda.

Harbiy qism bataloni komandiri, podpolkovnik T.Umarov ta'kidlaganidek, harbiy qismlarda askarlarning bilim va ko'nikmalarini oshirish, jismoniy chiniqishlari va mahoratlarini yanada mustahkamlash uchun barcha zarur sharot-sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi, har bir harbiy xizmatchi yurtimizda tinchlikni saqlash va xavfsizlikni ta'minlash yo'lida o'zining mas'ul ekanligini hamda xalqimiz farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga dahldorligini anglaydi. Umuman olganda, milliy armiya bugun Vatanmizning ishonchli qalqonidir.

Uchrashuv doirasida bir guruh ilg’or ofitser hamda serjantlarga qimmatli sovg’alar topshirildi.

Ushbu tadbir universitet talabalari tomonidan tayyorlangan rang-barang kontsert dasturi bilan yakunlandi. Talabalar ijrosida mustaqillikni, tinchlikni, boshimiz uzra musaffo osmonni shuningdek, o'z vatani va xalqini himoya qiluvchi harbiy kasbning sharafini tarannum etuvchi musiqali asarlar yangradi.