24.12.2015    16:28    18588

2015 yilning 24 dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Hozirgi davrda davlatimizning tashqi siyosatini, milliy manfaatlari himoyalanishini va xalqaro maydonda ilgari surilishini huquqiy jihatdan ta'minlashning dolzarb masalalari” mavzusida konferentsiya bo’lib o’tdi. Konferentsiya O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo'mitasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan birgalikda tashkil etildi.

Konferentsiya ishida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va qonunchilik palatasi deputatlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti va Davlat boshqaruvi akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, olimlar hamda ekspertlar, oliy o'quv yurtlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Konferentsiya ishtirokchilari o'z nutqlarida O'zbekistonning mustaqil taraqqiyoti yillarida har tomonlama puxta o'ylangan, milliy manfaatlarimizga asoslanadigan, jahonda keng e'tirof etilgan va mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini mustahkamlagan tashqi siyosiy yo'li shakllantirilganligini ta'kidladilar. Davlatimiz tashqi siyosatining fundamental printsiplari va strategik ustuvor yo'nalishlarini belgilab bergan O'zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati kontseptsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz tashqi siyosatining huquqiy bazasini rivojlantirishda eng muhim qadam bo'ldi. O'zbekiston 200 dan ortiq universal xalqaro shartnomalarga qo'shildi hamda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida umume'tirof etilgan xalqaro huquq normalarining ustuvorligi printsipini belgilab berib, ularga rioya qilish uchun zarur bo'lgan tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir majburiyatlarni o'z zimmasiga oldi. Ushbu sohadagi milliy qonun hujjatlarini ijro etish, shuningdek O'zbekiston tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni tatbiq etish masalalari Oliy Majlis palatalari qo'mitalarining doimiy nazorati ostida turadi. So'nggi yillarda mamlakatimiz parlamentining tegishli qo'mitalari tomonidan 20 dan ortiq tadbir o'tkazilib, mazkur tadbirlar milliy qonun hujjatlariga tatbiq etilgan xalqaro shartnomalar normalarining qay darajada ijro etilayotganligiga bag’ishlandi.

Muhokama yakunlariga ko'ra tegishli tavsiyalar qabul qilindi.