02.04.2017    15:52    12475

2017-yilning 31-mart kuni JIDU qoshidagi TTM (Tarjimonlarni tayyorlash markazi) talabalari Amerika tarixining eng maroqli sahifalaridan biri bo‘lmish “Kantri madaniyati”ga bag‘ishlangan festivalga mezbonlik qilishdi. Festivalning maxsus kiyimi qoidasiga binoan, talaba va mehmonlarning aksariyati katak ko‘ylaklar, kovboy shlyapalari, bo‘yinbog‘lar va kovboy rusmiga tegishli boshqa narsalar bilan kiyinishgan edilar. Festival ingliz tilida o‘tkazildi. Tadbir qatnashuvchilari Yangi dunyo haqida, paxta plantatsiyalaridagi og‘ir mehnat, rodeo, qurol-aslaha e’tiqodi, kantri musiqasi va h.k. haqida ko‘plab ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Maxsus bezatilgan zal, qisqa video lavhalar va kantri musiqasi bilan hamrohlikdagi rasmlar ushbu bayramning ajoyib atmosferasini hosil qilishga ko‘maklashdi. She’rlar, sonetlar, qasidalar va kovboy hangomalari o‘zining samimiyligi va Ingliz tili darajasining go‘zalligi bilan barchani zabt etdi. “Cowboy Line Dance” tomonidan ijro etilgan raqs chiqishi festival dasturining eng esda qolarli qismi bo‘ldi.

Shubhasiz, festivalning eng yorqin lahzasi JIDU TTM asosida tashkil etilgan uch musiqiy guruhning chiqishi bo‘ldi. “The Rock Ambassadors” kantri rok yo‘nalishidagi bir necha musiqiy parchalarni taqdim etishdi. “The Ozone Layer” guruhi esa tomoshabinlarni kantri yo‘nalishining maxsus cholg‘u asboblari bo‘lmish banjo, kir yuvish doskasi, garmoshka va h.k. jo‘rligida ijro etilgan qo‘shiqlar bilan lol qoldirishdi. Shuningdek, bu ikki guruhdan qolishmagan holda “The Roots” musiqiy guruhi ham o‘z iste’dodlarini namoyish etishdi. Mazkur guruh tomonidan ijro etilgan “spiritual” uslubidagi “Chariot” qo‘shig‘i tomoshabinlarda katta taasurot qoldirib ularning davomli olqishiga sabab bo‘ldi.

Toshkentlik ajoyib banjo sozandasi Janna Kimning o‘ziga xos chiqishi tomoshabinlarni raqsga tushishga undamasdan qolmadi. “Blue Grass” uslubida ijro etilgan “The Foggy Mountain Breakdown” parchasi barchaning qalbini egalladi. Ushbu ajoyib festivalning yakuni o‘laroq, eng yaxshi kiyim borasida tashkil etilgan konkurs tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Festivalning so‘nggi nuqtasi -JIDU TTMning madhiyasi bo‘lmish “Babel Tower” barchani jo‘r bo‘lib kuylashga chorladi.

JIDU TTM talabalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatdagi boshqa davlat va xalqaro tashkilotlar o‘tkazadigan turli xildagi tadbirlarda tarjimonlik qilib kelishmoqda va ushbu festival JIDU TTMning 10 yillik faoliyati davomida tashkil etib kelinayotgan madaniy tadbirlarining yana bir yorqin sahifasidan o‘rin oladi.