17.03.2017    17:33    12904

2017 yil 13 mart kuni “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 3 bosqich talabalari uchun ochiq ma’ruza darsi tashkil etildi. Ma’ruzaga O‘zbekiston psixologlari assotsiatsiyasi a’zosi, psixolog, psixiatr-narkolog, psixoterapevt, oliy toifadagi vrach Liliya Javdatovna Muzaffarova taklif etildi. Ma’ruzadan ko‘zlangan maqsad – talabalarga “Men-konsepsiyasi” doirasida bilimlar berish, o‘zini o‘zi anglash san’atiga ega bo‘lish, o‘z imkoniyatlarini baholashga qaratilgan amaliy tavsiyalarni berishdir. Ma’ruzachi talabalar diqqatini mavzuning tayanch iboralariga qaratdi. Xalqaro munosabatlar sohasida mutaxassislarni tayyorlashning ijtimoiy-psixologik jihatlarini yoritib o‘tdi. Shu bilan birgalikda insonning o‘zini anglashi kategoriyasiga, subyekt sifatida jismoniy va ruhiy imkoniyatlarini tushunib yetishiga, shaxsiy qadriyatlarini baholay olishiga, o‘zini ijobiy va munosib ravishda jamiyatda namoyish etishi bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy-nazariy tushunchalarga urg‘u berdi. “Men-konsepsiyasi”ning asosini tashkil etuvchi - “Men-haqiqiy” va “Men-ideal” iboralariga to‘htalib o‘tdi. Insonning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, muvaffaqiyatlarga yetishi va ichki zahiralaridan samarali foydalanishi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarga e’tibor qaratildi. Taklif etilgan mehmon mavzuga doir ko‘plab misollar keltirdi va bu borada qimmatli maslahatlar berdi. Ma’ruza so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat etdi va kerakli bo‘lgan maslahatlarga ega bo‘ldi.