16.02.2017    10:32    14190

O‘zbek madaniyati va adabiyoti jahon ma’rifatparvarlari tasavvurida, eng avvalo, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur singari ulug‘ siymolar timsolida gavdalanadi. Ajdodlarimizning o‘lmas ijodi asrlar osha millionlab kitobxonlar qalbini zabt etib, XXI asr o‘quvchisi qalbiga ham oshno bo‘lishda davom etmoqda.

2017 yil 14 fevral kuni universitetda o‘zbek xalqining buyuk mutafakkir shoirlari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunlari munosabati bilan “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi - hamisha barhayot” deb nomlangan bayram dasturi nishonlandi. Mazkur bayramda zamonaviy o‘zbek nasri ijodkori, tarjimon, Shuhrat medali sovrindori Ulug‘bek Hamdam hamda O‘zbekiston Milliy drama akademik teatri yosh ijodkor artistlari Tolib Muminov, Tohir Saidov va Gulnara Jumaniyazova hamda universitet talabalari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.

Uchrashuvni JIDU rektori A.Djumanov ochib berdi. So‘ngra O‘zbek Milliy akademik drama teatri yosh ijodkorlari so‘zga chiqib Navoiy va Bobur ijodi haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdilar, “Navoiy va Guli” sahna parchasini yig‘ilganlarga havola etdilar.

Shuhrat medali sovrindori Ulug‘bek Hamdam so‘zga chiqib, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosi haqida atroflicha so‘zladi va ijod namunalaridan o‘qib, falsafiy-ma’rifiy izlanishlari xususida gapirib berdi.

So‘ngra fakultetlarning zukko talabalari ishtirokida savol-javob o‘tkazildi.

Bunda kafedra a’zolari f.f.n., dotsent Sh.Normatova, f.f.n., dotsent A.Aripova, dotsent M.Abdurahmanovalar faol ishtirok etdilar.

Bayram dasturi so‘ngida universitet rektori bayramga tashrif buyurgan mehmon va ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.