14.01.2017    11:50    13845

       Vatan himoyachilari kunini nishonlash arafasida “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 2 bosqich talabalari O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Davlat muzeyiga tashrif buyurdilar. Ushbu muzey ilmiy-tadqiqod maskani bo’lib hisoblanib, O’zbekistonning  harbiy tarixini o’rganish, boyitish va xotiralash hamda harbiy burchini o’tayotgan fuqarolar, yoshlar va  aholini vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy  qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. 

     Ekskursiya davomida talabalar  muzeyning boy va keng ko’lamga ega bo’lgan Markaziy Osiyo va O’zbekiston xalqining rivojlangan harbiy san’ati tarixi ekspozitsiyasi bilan tanishib chiqdi, shu qatorda O’zbekistonda tashkil topgan Qurolli kuchlari tarixini o’rganishga muyassar bo’ldi.

     Talabalar diqqatini turli qurol-yaroq predmetlari: kremniy toshlardan ishlangan o’q otish moslamalari, shuningdek,  o’rta asrda ishlangan qurol-aslahalar, zamonaviy harbiy texnika buyumlari o’ziga  jalb etdi. Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurga bag’ishlangan ekspozitsiya talabalarda alohida qiziqish uyg’otdi. “Jasorat” parkida joylashgan “Vatanga qasamyod” monumenti oldida talabalar esdalik uchun suratga tushdi.  Muzeyga bo’lgan tashrif katta qiziqish uyg’otdi.