19.12.2016    12:22    14119

2016-yil 15-dekabrida JIDU Tarjimonlarni tayyorlash markazi(TTM)ning “Notiqlik-tarjimonlik vositasida” (Discourse via interpreting) deb nomlangan navbatdagi yillik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Shakllangan an’anaga muvofiq konferensiyaga Toshkent shahrining 10 ga yaqin universitetlari talaba va o‘qituvchilari taklif etildi. Talabalarning hisobotlari o‘g‘zaki tarjimaning turli xil jihatlari va o‘ziga xosliklarini qamrab oldi. Ushbu konferensiyada qatnashgan ko‘pgina JIDU TTM talabalari sinxron va ketma-ket tarjima qiluvchi sifatida yurtimizning turli xil maskanlarida bo‘lib o‘tgan konferensiyalar, tadbirlarda to‘plagan tajribalari haqida so‘zlashdi. Talabalar tomonidan olib borilgan kuzatuvlar tinglovchilarda kata qiziqish uyg‘otdi. Shu bilan birga konferensiya qatnashchilarining savol va javob qismida ko‘rsatgan yuqori faolligini ta’kidlash joizdir. Konferensiyaning ushbu qismida ayon bo‘ldiki, TTM talabalari ketma-ket va sinxron tarjimaning nafaqat amaliy ko‘nikmalarini puxta egallashgan, balki ushbu sohaning nazariyasiga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rganliklarini ko‘rsatdilar.  

JIDU rektori A. Jumanov konferensiya qatnashchilarini faqatgina bir yoki ikkita xorijiy til bilan chegaralanib qolmasdan kamida uchta xorijiy tilni o‘rganishga chorladi. JIDU TTMning ingliz tili sohasidagi samarali ishlarini e’tirof etib, Markazning ta’lim dasturiga Yevropa va Osiyoning mashhur tillarini ham kiritishni taklif etdi.

O‘zining tabrik so‘zida TTM professori Samadov hozirda ushbu soha mutaxasislarini tayyorlashning dolzarbliligiga qaramasdan O‘zbekiston OTMlarida hanuz tarjimonlarni tayyorlash muammo bo‘lib turganligini inobatga olgan holda, shu kabi konferensiyalarni o‘tkazishning muhim ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Britaniya kengashi vakili E.Sheyhametova o‘z chiqishida mazkur konferensiyada sinxron tarjimani amalga oshirgan talabalarning ishini yuqori baholadi. Shuningdek, E.Sheyhametova O‘zbekistonning ta’lim sohasida Britaniya kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan dasurlar bilan tanishtirdi.

Konferensiyada shuningdek JTU, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet talaba va o‘qituvchilari o‘zlarining qiziqarli nutqlari bilan chiqishdi. Odatdagidek, ushbu tadbir ingliz tilida bo‘lib o‘tdi.