14.12.2016    17:05    14022

Tadbirda mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi, o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.

Ushbu maqsadga qaratilgan milliy qonunchilik asoslari yaratilgan va doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 15-sentabrda kuchga kirgan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bu borada o‘ziga xos yangi bosqichni boshlab berdi. Qonun bunday siyosatni shakllantirish va ro‘yobga chiqarishga doir mexanizmlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirdi. Yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar mas’uliyatini kuchaytirdi.

Uchrashuvda talabalarga inson huquq va manfaatlariga oid mamlakatimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ulardan unumli foydalanish, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishda yoshlar mas’uliyati kabi masalalar bilan bir qatorda O‘zbekistonda istiqlol yillarida amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushuncha berildi. Talabalar mamlakatimiz sud hokimiyati faoliyati, tarkibiy tuzilishi va vakolatlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida tashkil etilgan muzeyda ham bo‘lib, sud tizimi tarixi bilan yaqindan tanishdi.