08.11.2016    12:11    14765

Joriy yilning 3-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 1-bosqich magistratura talabalari O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Quyosh fizikasi” fizika-texnika insitutiga tashrif buyurishdi.

“Innovatsion iqtisodiyot” kursi doirasida “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi mudiri i.f.n. Tashpulatova Laylo Maratovna sayyor dars, ya’ni O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Quyosh fizikasi” fizika-texnika insitutiga tashrif orqali “Tashqi iqtisodiy faoliyat” va “Jahon iqtisodiyoti” yo’nalishlari 1-kurs magistrantlari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etdi.

 Ushbu ilmiy-amaliy seminar mashg’ulotidan ko’zlangan asosiy maqsad Insititut innovatsion salohiyatini, quyosh energiyasini sanoatga tadbiq etishning amaliy imkoniyatlarini o’rganish hamda energetika sohasidagi innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishishdan iborat bo’ldi. Sayyor dars jarayonida “Xalqaro savdo va investitsiyalar” kafedrasi katta o’qituvchisi T.A. Dergacheva ham ishtirok etdi.

Sayyor dars mobaynida magistrlar O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Quyosh fizikasi” fizika-texnika insituti ish jarayoni, xususan, insitutning innovatsion ishlanmalari, 30000 C issiqlikda qattiq metalni eritishga qodir bo’lgan quyosh energiyasi hosil qiluvchi 12090 ta oynadan iborat bo’lgan geliostatlarning ishlash tamoyillari bilan yaqindan tanishdi.