20.10.2016    15:40    14854

2016 yil 19 oktabr kuni murabbiylik soatida barcha akademik guruhlarda “Ona tili - millat ruhi, ma'naviy boyligi, davlat timsoli” mavzusida suhbat o'tkazildi. Mazkur suhbat universitetda 17-21 oktabrda o'tkazilayotgan “O'zbek tili haftaligi” doirasida tashkil etildi. Suhbatda Ona tili – davlatning boyligi, uning mulki deb e'tirof etildi. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demakdir. Suhbat davomida talabalar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yilgani, shu tariqa o'zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog'i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo'li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylanganini ta'kidlab o'tdi. Suhbat chog'ida talabalarga olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug'atlar, darslik va o'quv qo'llanmalar chop etilayotgani to'g'risida ma'lum qilindi. Mumtoz o'zbek adabiyotida 80 000dan ziyod so'z va so'z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid maxsus atamalarning borligi, shevalarda qo'llaniladigan so'zlarni o'z ichiga olgan besh jildlik “O'zbek tilining izohli lug'ati” nashr etilganligiga urg'u berildi. Tashkil etilgan murabbiylik soati qiziqarli muhokamalarga boy tarzda o'tkazildi.