20.09.2016    13:11    15405

Har bir davlatning taraqqiyot yo‘liga nazar soladigan bo‘lsak, unda farovonlik, siyosiy, iqtisodiy, madaniy yuksalish bilan birgalikda, mashaqqatli og‘ir damlarga boy bo‘lgan davrlar ham aks etadi. Mana shunday muhim pallalarda butun bir millatning taqdirini o‘zgartirish uchun Yaratgan tomonidan mohir yo‘lboshchi, qobiliyatli shaxs yuboriladi. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining asoschisi va ilk Prezidenti Islom Karimov ana shunday millat manfaati uchun xizmat qiladigan, xalqni birlashtirish xususiyatiga ega bo‘lgan siyosiy shaxs edi. Aziz xalqimiz Vatanimizning mustaqillik arafasifagi eng og‘ir damlarni yengib o‘tib, jahon hamjamiyatiga qo‘shilishini, iqtisodiyoti sust rivojlangan, biryoqlama ishlab chiqarish tizimiga ega bo‘lgan mamlakatdan tobora rivojlanib borayotgan, industrial davlatiga aylanayotganini haqli ravishda Islom Karimovning nomi bilan bog‘laydi. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan asrlarga tatigulik islohotlar o‘zbek millatchiligi tarixida zarhal harflar bilan abadiyatga muhrlandi. Istiqlolning ilk yillaridayoq elimizning toptalgan or-nomusi qayta tiklandi, millatimiz o‘zligini to‘laqonli ravishda  angladi. Dastavval ulug‘ ajdodlarimizning muqaddas nomlari oqlandi. Islom dinimiz qayta bo‘y cho‘zdi, xalqimizning urf-odatlari, boy madaniy merosi asl holiga keltirildi. O‘zbekiston xalqi mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq Yurtboshimiz yetakchiligida turli xil qiyinchiliklarni ortda qoldirib, yorqin kelajak sari dadil qadam tashladi. O‘sha vaqtda iqtisodiyotimiz misoli jar yoqasiga kelib qolgan edi. Mamlakatda avj olgan ishsizlik, malakali kadrlarning yetishmasligi, insonlardagi boqimandalik kayfiyati, kelajakka nisbatan ishonchsizlik ko‘zi bilan qarash, shu bilan birgalikda davlat muassasalaridagi poraxo‘rlik, qo‘shib yozish, urug‘-aymoqchilikning avj olishi mavjud vaziyatni yanada murakkablashtirar edi. Ammo muhtaram Yurtboshimizning uzoqni oldindan ko‘ra olish qobiliyatlari, qat’iyatlilik, tirishqoqlik va metindek irodasi samarasi o‘laroq, O‘zbekiston bunday tang vaziyatdan chiqib keta oldi.

Ona Vatanimizning tinchligini ko‘ra olmaydigan ayrim manqurt kimsalar tomonidan farovon hayotimizni izdan chiqarish niyatida bir qancha mudhish harakatlar amalga oshirildi. Lekin Islom Karimovning ko‘rsatgan jonbozligi, shuningdek, vatanparvar yurtdoshlarimizning beqiyos xizmatlari tufayli ushbu ko‘ngilsizliklarning oldi olindi. Prezidentimizning oqilona siyosati natijasida turli xil yot kuchlarning g‘oyaviy va qurolli hujumlari butunlay barham topdi. Hukumatimizning tashqi siyosatdagi mashaqqatli va mas’uliyatli faoliyati zaminida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro maydonda o‘z so‘zini baralla ayta oladigan davlatga aylandi.     

Islom Karimov : “Hech bir soha mamlakatni sportchalik tez dunyoga tanita olmaydi”- degan edilar. Sportga yaratilgan shart-sharoitlar o‘z samarasini bermoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Rio olimpiadasida vatandoshlarimiz yana bir bor o‘z so‘zlarini aytib, qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha 21-o‘rinni zabt etishdi. Shuningdek, paraolimpimpiyachilarimiz ham dunyoni lol qoldirib, ajoyib natijalarni qayd etmoqdalar. Biz bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.   Shu o‘rinda ulug‘ adibimiz  G‘afur G‘ulomning barchamizga yod bo‘lib ketgan shoh satrlarini keltirmoqchimiz :

“Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek

  Diana ma’budin yoqmoq shart emas.

  Hamma qurayotgan bu imoratga

  Bir g‘isht qo‘ysang bas”.

Shuni chuqur qayg‘u bilan aytish joizki, barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Yurtboshimiz, millatimizning chinakam otasi Islom Karimov bu dunyoni tark etdilar. Ammo MUSTAQILLIGIMIZ BUNYODKORI har bir vatandoshimizning qalbida mangu yashaydi. Biz yoshlar Prezidentimizning bizga bildirgan ishonchini oqlab, u inson niyat qilgandek shaxslar bo‘lib yetishishga va’da beramiz. Zero, Islom Karimovning eng oliy istagini ro‘yobga chiqarish bizning burchimizdir: “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, dono, bilimli va albatta baxtli bo‘lishlari shart!”.

Mahmudov Shahzodbek Zohidjon o‘g‘li

Xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabasi