30.11.2019 278

Shu yilning 28-noyabrida professor Sultonova E.S. va xalqaro munosabatlar fakulteti dekan muovini S.Tilyaxodjaeva boshchiligidagi "Xalqaro munosabatlar" fakultetining 1-bosqich talabalari Konrad Adenauer jamg'armasi ko'magida Shanxay xalqlaro diplomatiyasi markazi va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan tashkil etilgan "Xalq diplomatiyasi - milliy manfaatlarni ilgari surishda strategik manbaa" mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etishdi.

Tadbirda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, milliy, xorijiy ekspertlar va ShHTga a'zo davlatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillari, olimlar va mutaxassislar, shuningdek, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So'zga chiqqanlar so'nggi paytlarda xalq diplomatiyasi xalqaro munosabatlarning asosiy omillaridan biriga aylanganini ta'kidladilar. Bunda jamoat birlashmalari va tashkilotlari, xalqaro nohukumat tashkilotlari ushbu jarayonga faol jalb qilingan, qardosh shaharlar darajasida aloqalar o'rnatilmoqda, turli mavzuli yo'nalishdagi ijtimoiy-siyosiy Aksiyalar o'tkazilmoqda, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari aloqalari mustahkamlanib, rivojlanmoqda. Bularning barchasi, avvalo, mamlakatlarning ikki tomonlama va ko'p tomonlama aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, yoshlar tashkilotlari, ta'lim, madaniyat, birodar shaharlar bo'yicha xalq diplomatiyasi institutlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ham xalqaro davra suhbatini muhokama qilish mavzusiga aylandi. Ishtirokchilarga Germaniya Federativ Respublikasining bu boradagi tajribasi haqida ma'lumot berildi.

Tadbir ochiq muloqot va fikr almashish shaklida bo'lib o'tdi, natijada ishtirokchilar milliy manfaatlarni ilgari surishning muhim omili sifatida xalq diplomatiyasi institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish zarurligi to'g'risida yagona fikrga kelishdi.