17.10.2015    05:45    17350

Sammitning asosiy tadbirlari 16-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi.

MDH davlat rahbarlari Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama etib, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuvda xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov majlisda yaqin va uzoq mamlakatlarda vaziyat keskinlashib, shiddat bilan o‘zgarib borayotgani inobatga olinadigan bo‘lsa, MDH davlat rahbarlarining mazkur uchrashuvi o‘z vaqtida o‘tkazilganini ta’kidladi.

Ayniqsa, radikalizm, terrorizm, ekstremizm va narkotrafik xavfi ortib, nizo va qarama-qarshiliklar keskinlashib borayotgani katta xavotir uyg‘otmoqda. Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon davom etayotgani va Hamdo‘stlik davlatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol ham tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi.

Davlatimiz rahbari bugungi g‘oyat murakkab vaziyatda har qanday uchrashuv va fikr almashish, yuzaga kelayotgan tahlikali vaziyatdan chiqish yo‘lini birgalikda izlash faqat foydali bo‘lishini alohida qayd etdi.

Islom Karimov sammitning ahamiyati haqida gapirar ekan, MDH bu borada muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Mazkur uchrashuv hayotning o‘zi talab qilayotgan zarurat bo‘lib, umumiy taraqqiyotimiz istiqboli uchun alohida ahamiyatga ega.

– Hamdo‘stlik – bu davlatlarning bevosita muloqot qilishi, fikr almashishi, dolzarb masalalarni muhokama etishi, o‘zaro manfaatlar va yaratilgan mustahkam huquqiy baza, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha ishlab chiqilgan vosita va mexanizmlar hisobga olingan holda, ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi bahs va munozaralarni hal etish uchun keng imkoniyat beradigan tuzilmadir. MDH savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ekstremistik faoliyatning oldini olish va unga qarshi kurashish, eng muhimi, Hamdo‘stlik hududida fuqarolarning o‘zaro muloqot qilishi, dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha o‘zaro maqbul tadbirlar ishlab chiqish hamda muvofiqlashtirilgan amaliy choralar ko‘rish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda, – dedi Islom Karimov.

Prezidentimiz o‘zaro imtiyoz va preferensiyalar berish, kelishilgan va samarali tarif siyosatini yuritish, shuningdek, o‘zaro manfaatli yangi transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish va rivojlantirish orqali transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish MDH ahamiyatini belgilaydigan eng muhim omillardan ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, shuni ham qayd etish joizki, sobiq ittifoq makonida boshqa davlatlararo tuzilmalarning paydo bo‘layotgani tufayli MDH Davlat rahbarlari kengashi va uning boshqa organlari majlislari aksariyat hollarda umumiy xarakterga ega bo‘lib qolmoqda. Majlislarda ko‘rilayotgan masalalar ko‘pincha bugungi kunda Hamdo‘stlik hududida yuzaga kelayotgan voqealarga deyarli daxli yo‘q va mohiyatan kundalik hayotdan ancha yiroqdir.

O‘zbekiston Prezidenti bunga ushbu uchrashuvni misol qilib keltirdi. Uning kun tartibiga ko‘p tomonlama hamkorlikning turli sohalariga doir umumiy xarakterdagi murojaat qilish, bayonot berish, kelishuv komissiyalarini tuzish, qabul qilingan qarorlar ijrosi to‘g‘risida axborot berish kabi u qadar ahamiyatli bo‘lmagan masalalar kiritilgan. Yuzaga kelgan vaziyatdan chiqishning yo‘li shundaki, ushbu davlatlararo birlashmalarning har biri, MDH va Yevroosiyo ittifoqi o‘z kun tartibi va harakat dasturiga ega bo‘lishi, bir-birini takrorlamasligi, aksincha, to‘ldirishi darkor.

Islom Karimov mintaqamizga bevosita daxldor bo‘lgan Afg‘onistondagi vaziyatga alohida to‘xtaldi.

Birodarkushlik urushi 35-yildan ortiq davom etayotgan ushbu mamlakatdagi bugungi ahvol qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi nizo cho‘zilib ketayotganini ko‘rsatmoqda. Yaqinda Qunduz shahrida ro‘y bergan voqealar hukumatning parokandaligi va harakatsizligini, ayni paytda tolibonlar faol hamda uyushgan holda harakat qilganini ko‘rsatdi. Buning oqibatida tolibonlar shaharni bir necha kun egallab turdi.

O‘zbekiston rahbari Afg‘onistondagi jangari guruhlar mamlakat janubidan shimol va shimoli-sharqiga o‘tayotgani, chegara hududlaridagi vaziyat keskinlashib borayotgani ham chuqur tashvish uyg‘otayotganini alohida ta’kidladi. Tolibonlarning mamlakatning ayrim hududlarini bosib olish bo‘yicha keyingi urinishlari ushbu harakat hali ham katta harbiy kuchga ega ekanidan dalolat beradi. Afg‘oniston armiyasi hozircha tolibonlarga qarshilik ko‘rsatishga, hukumat esa mamlakatda xavfsizlikni ta’minlashni to‘liq nazorat qilishga qodir emas.

Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyatni inobatga olgan holda, ko‘plab mutaxassislar Iroqning ayanchli ahvolini takrorlamaslik uchun Afg‘onistonda AYSAF harbiylarini ko‘paytirish, ularning bu mamlakatda bo‘lishini yana bir necha yilga uzaytirish kerak, degan fikrga qo‘shilmoqda. Buning uchun jiddiy asoslar bor.

– Afg‘onistondagi vaziyat qanday kechishidan qat’i nazar, shuni to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, Afg‘oniston muammosini faqat bir yo‘l, ya’ni BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro kurashayotgan tomonlarni murosaga keltirish orqaligina hal etish mumkin. Boshqa yo‘l yo‘q, – deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Islom Karimov Qirg‘iziston Respublikasini navbatdagi muddatda MDHga raislik qilishi bilan tabrikladi va Prezident Almazbek Atambayevga ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyat tiladi.

Muallif: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati