Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Yuridik klinika 2000-yilda tashkil etilgan. Unda JIDU “Xalqaro huquq” fakulteti yuqori kurs talabalari yuridik faoliyat bo‘yicha amaliy ko‘nikma hosil qilishadi. Yuridik klinikada talabalar kam ta’minlangan aholi qatlamlariga bepul yuridik yordam ko‘rsatadilar. Shuningdek, aholiga asosan fuqarolik, oila, mehnat, xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

Klinikani tashkil etishdan maqsad universitet talabalarining amaliy tayyorgarligini, bilim darajasini oshirish, o‘qish jarayonini amaliyot bilan bog‘lovchi doimiy ishlash tizimini joriy etish, institutning advokatura, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligini kengaytirish, ta’lim jarayonida nazariya bilan amaliyotning mutanosibligini ta’minlash, talabada bajarilgan ishi va uning natijasi uchun javobgarlik va mas’uliyat hissini rivojlantirishdan iborat. Talabalarning etika va estetika, psixologiya va psixiatriya amaliyotlari ularni huquqiy ong, adolatparvar, yuqori madaniyatli, mustahkam fikrlash va hayotiy ma’naviy qarashlar va tamoyillar xususiyatlarini singdirishdan iboratdir.

Klinikaning o‘zida joylashgan XXI asr sud zali jahon standartlariga muvofiq jihozlangan va zamonaviy elektron texnologiyalar bilan ta’minlangan. Bu esa sud jarayonini bevosita yozib olish imkoniyatini yaratadi. Natijada sud jarayonidan keyin talabalar uni qaytadan eshtib, tinglab tahlil qilishlariga qulaylik yaratmoqda. Vaqti vaqti bilan Toshkent shahar fuqarolik ishlari va tuman fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarining o’tkazayotgan sayyor sud majlislari ham amaliyot va nazariy bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan samarali tajriba sifatida qo‘llanadi.

Mazkur klinika faoliyati nafaqat talabalar, balki institutning malakali o‘qituvchilari uchun ham huquqiy ta’lim sohasida ilmiy izlanishlar olib borish uchun boy material beryapti. Klinikaning moddiy-texnik bazasi ta’limning zamonaviy texnologiyalarini qo‘llashga to‘la imkon beradi. Kompyuterlar internet tarmog‘iga ulangan, «YURIDA», «Lex.uz» va «Norma» ma’lumotlar tizimi, kutubxona, ofis texnikalaridan foydalanish mumkin. Alohida qabulxona, trening xonasi va maslahatxona mavjud.

Yuridik klinikaning xalqaro aloqalari dunyoning AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Polsha, Bolgariya, Vengriya, Xitoy, Rossiya, Qozog’iston, Tojikiston, Belorusiya, Qirg‘iziston va boshqa qator mamlakatlar universitetlari va ularning tasarrufidagi yuridik klinikalari balan mustahkam aloqalar va hamkorlik tajribalari mavjud.

Yangilangan sana: 11.08.2017