13.04.2019 2373

Bugun Amir Temur 683 yoshga, Napoleon esa avgust oyida  250 yoshga  toʻladi.

Sohibqiron Amir Temur va Napoleon Bonapartni kattagina tarixiy davr - 400 yildan ortiqroq vaqt ajratib tursa-da, bu ikki buyuk sarkarda va davlat arbobi hayoti va faoliyatlarida juda koʻp mushtarak jihatlar mavjud. Avvalambor, har ikkala tarixiy  shaxs oʻziga toʻq zodagonlar oilasida dunyoga kelishdi. Amir Temurning bolalik, oʻsmirlik va yoshlik yillari moʻgʻullar istibdodi davriga toʻgʻri keldi. Bolaligidanoq otasi va ustozlari koʻmagida yaxshi taʼlim olgan Temur Turkiston tarixi va islom dini asoslarini chuqur oʻrgandi. Tarix taqozosi bilan harbiy sohani ham puxta egalladi, qisqa vakt ichida oddiy jangchilikdan yuksak harbiy martabaga erishdi va oxir-oqibat roppa-rosa 34 yoshida, yaʼni 1370 yil  aprel oyida poytaxti Samarqand boʻlgan Turkistonning oliy hukmdori boʻldi.

Napoleon ham Amir Temur kabi oʻziga toʻq dvoryan oilasida yaxshi tarbiya oldi, ota-onasi, qarindoshlarining maslahatlari va yordamlari bilan  toʻqqiz yoshidan boshlab Fransiya hududida harbiy bilim yurtiga oʻqishga kirdi. Amir Temur kabi ziyrak, tinib-tinchimas, gʻayrat va shijoatli Napoleon artilleriya-toʻpchilik sohasi boʻyicha mutaxassis boʻlib, kichik leytenant harbiy unvonida bilim yurtini muvaffaqiyatli tugatdi. Amir Temur kabi Napoleon Bonapart ham favqulodda xotiraga ega edi Uning xotirasi sira pand bermas, oʻnlab shoir, yozuvchi, tarixchi, mutafakkir va harbiylarning asarlarini tezda yodlab olar va ularni ifodali oʻqib berar edi. Napoleon Bonapart Amir Temurga oʻxshab oʻta qatʼiyatli, irodali, muhimi juda mehnatsevar edi.

1789 yil Fransiyada inqilob boshlanganda Napoleon  20 yoshda edi. Uning siyosat maydoniga kirib kelishi ham Amir Temur kabi shu yoshga toʻgʻri keladi. 24 yoshida  Fransiya muhofazasi uchun kurashgan Napoleon  generallik rutbasiga sazovor boʻldi.  31 yoshga qadam qoʻyayotgan Napoleon  Fransiyaning oliy hukmdori – Birinchi Konsul martabasiga ega boʻldi. Nihoyat 35 yoshida, 1804 yil u Fransiyaning imperatori – shahanshohi boʻldi.

Amir Temur ham, Napoleon Bonapart ham, Nikolo Makiavelli uqtirganidek, harbiy sohada “ustasi farang” tarixiy shaxslar boʻlganlar. Harbiy sohani puxta egallash hokimiyatni qoʻlga kiritishning eng muhim vositalaridan biri boʻlgan. Moʻgʻullar istibdodidan ozod boʻlishda sarbadorlar Samarkand ahlini  moʻgʻullarning 150 yillik tobeligidan ozod qildilar, oʻz navbatida ular yangi  davlat barpo etib, Samarqand aholisini  6 oy davomida idora qilishga muvaffaq boʻldilar.  Toʻgʻri, moʻgʻullar  haydab yuborilgandan soʻng Samarqandda tartibsizliklar avj oldi, tez-tez boy xonadonlarga nisbatan hujumlar uyushtirildi, boy-badavlat kishilarga nisbatan jazo choralari qoʻllanar edi, ularning yerlari tortib olinib kambagʻallarga ulashilar edi. Amir Temur sarbadorlarning moʻgʻullarga qarshi kurashida ularni qoʻllab-quvvatladi, ular bilan bevosita aloqada boʻldi, ularning rahbarlari Huseyn tomonidan xiyla-nayrang bilan qoʻlga olinganlarida Amir Temur oraga tushib, sarbadorlarning rahbarlaridan biri Mavlonozodani qutqarishga muvaffaq boʻldi. Biroq Amir Temur sarbadorlarning ichki va tashqi siyosatlarini qoʻllab-quvvatlamadi. Chunki ularning siyosati mamlakatda boshboshdoqlik boshlanib,  yurt qaytadan moʻgʻullar tomonidan zabt etilishiga olib kelishi mumkin edi.

Amir Temur va Napoleon Bonapart toʻgʻrisida gap ketganda, koʻpincha ularga harbiy shaxslar, koʻp qon toʻkkan shafqatsiz hukmdorlar sifatida qarashadi. Toʻgʻri, ularning bosqinchilik urushlari va bu urushlarda minglab askarlar hamda odamlarning oʻlganini hech kim oqlay olmaydi, oqlashga  haqqi ham yoʻq. Lekin Amir Temur va Napoleon Bonapart eng avvalo bunyodkor shaxslar boʻlganlar. Ular hukmronlik qilgan davrda qisqa vaqt ichida Turkiston bilan Fransiyaning tashqi qiyofasi butkul oʻzgarib ketadi. Samarqand va Parij shaharlari dunyoning eng goʻzal shaharlariga aylanadi. Amir Temur davrida Samarqand aholisining soni 150 000 ga yetadi, shaharning oʻzi dunyoning sayqaliga aylandi. Amir Temurning  bunyodkorlik ishlari faqatgina  Samarqand, Buxoro, Toshkent yoki Turkistondagina emas, balki uning qoʻl ostida boʻlgan 27 mamlakatda ham amalga oshiriladi. Amir Temurning zamondoshi, Sharqning buyuk shoiri Xoʻja Hofiz Sheroziyning Samarqand va Buxoroni  madh etishi bejiz emas edi. Magʻriblik tarixchi, faylasuf Ibn Xaldun Amir Temur bilan uchrashib, uning turli fanlardan xabardorligi hamda tarix fanining zukko bilimdoni ekanidan taajjublanib, hayrat barmogʻini tishladi.

Napoleon Bonapart hammasi boʻlib 15 yil podsholik qilgan boʻlsa-da, shu davr ichida birgina Fransiyani emas, balki Gʻarbiy Yevropa qiyofasini ham butunlay oʻzgartirdi. U qurdirgan gavanlar, koʻpriklar, kanallar, bandargohlar, yoʻllar inson aqlini lol qoldiradi. Napoleonning zamondoshlari kompozitor Betxoven, buyuk shoir Gyote oʻz asarlarida Napoleon shaxsini abadiylashtirganlar.

 Amir Temur va Napoleon Bonapart ilm-fan, madaniyat, sanʼat, xunarmandchilik qurilish va texnika sohasida qilinadigan yumushlarning homiylari boʻlganlar. Har ikkalalari har qanday muammoni tinchlik yoʻli orqali hal qilishga intilganlar. Eng soʻnggi vosita sifatidagina qurol-yaroqqa murojaat qilganlar. Bonapartning bunyodkorliklari, har ikkalalarining odamlarni bilishlarida  hamda oʻz atroflarida isteʼdodli, ishbilarmon, tadbirkor kishilarni jamlashdan iborat boʻlgan.

Amir Temur ham, Napoleon Bonapart ham, oʻz yaqinlarining maslahat va mashvaratlariga katta eʼtibor qaratganlar.  Amir Temur oʻz “Tuzuklari”da: “Ishlarimning barini kengash bilan yurgizib,  uni bitirishda toʻgʻri tadbir qoʻllar edim. Bir ishga kirishmay turib, undan chiqish yoʻllarini oʻylab qoʻyar edim. Uni toʻgʻri tadbir, qatʼiy jazm, sabr-chidam koʻrsatib, ehtiyotkorlik bilan uzogʻini oʻylab, ortini esdan chiqarmagan holda oxiriga yetkazardim” , – deb  yozadi.  Aynan ana shu  xislatlar Napoleon Bonapartda ham mavjud boʻlgan. “Janoblar, Sizlarni bu yerga, , - deb aytgan edi Napoleon Senatning navbatdagi bir majlisida, - mening fikrlarimni tasdiqlashingiz uchun chaqirganim yoʻq. Bu yerga kelishingizdan maqsad oʻz fikr-mulohazalaringizni roʻy rost bildirishingiz bilan bogʻliq. Siz aytgan fikrlarni keyinchalik ularni men oʻz mulohazalarim bilan solishtiraman va qaysisi maʼqul ekanligini aniqlayman”. Amir Temurning muhrida “Kuch adolatdadur” soʻzlari bitilgan boʻlib,  Sohibqiron  har qanday yumushning  oʻndan toʻqqiz hissasini  tinchlik yoʻli bilan amalga oshirgan. Napoleon kunlarning birida shunday degan edi: “Bilasizlarmi,  nima meni bunchalik oʻziga tortadi, rom qiladi? Zoʻravonlik biron bir narsani yaratmaydi. Dunyoda ikkita kuch mavjud: aql-idrok kuchi va qilich zarbi. Ammo zoʻravonlik ustidan aql-idrok gʻalaba qozonadi”.  Nemis olimi  Emil Lyudvig bu haqda shunday deb xulosa chiqargan edi: “Bonapart har bir quroldan koʻra,  koʻproq aql-idrokka tayanadi. U urush va bosqinchilikdan koʻra intizomga va tinchlikka intiladi”. 

Amir Temur va Napoleon Bonapart bunyodkor shaxslar sifatida oʻzlaridan juda koʻp inshootlarni, bogʻ-rogʻlarni meros qoldirganlar. Shu bilan birga davlatchilik sohasida mamlakatni adolatli idora qilishda “Tuzuklar”, “Kodekslar”, “Konstitutsiyalar” va koʻpdan-koʻp oʻgitlarni yozma tarzda qoldirganlari maʼlum.

1370 yilda  Amir Temur hokimiyatga kelishi bilan markazlashgan davlat parpo etishga kirishdi, eng  avvalo mamlakat ichida adolat oʻrnatdi va adolat mezonlari ishlab chiqildi. Ilm-xunar ahliga alohida eʼtibor qaratildi,  yurt obodonligi  Amir Temur ichki siyosatining asosini tashkil etardi.  Tarixda misli koʻrilmagan obodonchilik ishlari avj oldi. Napoleonning hokimiyatga kelishi natijasida  yangidan-yangi binolar,  oliy oʻquv yurtlari, oʻrta-maxsus kasb-hunar maktablari va litseylar faoliyat koʻrsata boshladi. Binolar qurish, kanallar qazish, koʻpriklar yasash, bandargohlar bunyod etish, muzeylar , teatrlar barpo etish keng yoʻlga qoʻyildi. Eng muhimi oʻn yildan koʻproq davom etgan inqilobga chek qoʻyildi,  cherkovlar ochildi, qayta taʼminlandi. Olimlar,  njenerlar, meʼmor, ishbilarmonlar, tadbirkorlarning  faoliyatlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Ilm, hunar ahli uchun sharoitlar muhayyo etildi. Isteʼdodli yozuvchi, shoir, sanʼatkor, bastakor, tarixchi, faylasuf, skulptorlarga, shuningdek, aniq, ijtimoiy, tabiiy soha olimlariga eʼtibor kuchaytirildi.  Parij shahri Yevropaning  iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy-maʼnaviy markaziga aylandi.

Amir Temur davrida  Samarqand shahri yer yuzining sayqaliga aylandi. U oʻzining harbiy yurishlari davomida koʻpgina mamlakatlardan olimu fozillar, hunarmandlar,  mashhur tabiblar, quruvchi meʼmoru ustalar,  sangtaroshlar, duradgorlar, rassomlarni Samarqandga toʻpladi,  ularning ishlashi, ijod qilishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi.

 Amir Temur va Napoleondan ulkan moddiy, madaniy, maʼnaviy meros qisman bizgacha yetib keldi. Amir Temurning “Tuzuklari”, “Tarjimai holi”, Napoleonning “Kodeksi”,  Napoleon davrida Fransiyada qabul qilingan  konstitutsiyalar, Muqaddas Yelena orolida yozib qoldirilgan “Memuarlar” – xotiralar buning yorqin misolidir.

Amir Temur va Napoleon Bonapartning siyosiy, harbiy, huquqiy, diniy va tarixiy qarashlarida mushtaraklik mavjud. Amir Temur islom dinining sunniylik mazhabiga amal qilib kelgan boʻlsa-da, turli dinlarni bir-biriga qarama-qarshi qoʻymadi, shu bilan birga  u mamlakatda din peshvolarini davlat ishlariga aralashishlariga izn bermadi. Amir Temur davrida turli diniy mazhablarga eʼtiqod qiluvchilar uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.  Amir Temurning diniy qarashlari fozilu-fuzalolar, ulamolar, muhaddislar bilan birga boʻlgan suhbatlarda oʻz ifodasini topdi.  Amir Temur dehqonlar uchun din sohasida baʼzi bir  imtiyozlar berdi.

Amir Temurning tarixiy qarashlari ham diqqatga sazovor, biz uning tarixiy qarashlarini  marokashlik mashhur faylasuf va tarixchi Ibn Xaldun bilan kilgan suhbatlarida qimmatli maʼlumotlarga duch kelamiz. Amir Temurning dunyoqarashini oʻrganish jarayonida uning diniy, huquqiy, tarixiy qarashlarini tadqiq etish alohida izlanishni talab etadi, chunki bu masala yetarli darajada oʻrganilmagan degan xulosaga keldik.

Napoleon Bonapartning diniy, huquqiy, tarixiy qarashlari uning yozishmalari, xususan Muqaddas Yelena orolida yozib qoldirgan memuarlarida yaqqol aks etgan.  Napoleon xotiralarida  Buyuk fransuz inqilobi tarixi, uning bosqichlari, turli partiya va klublarning hokimiyat uchun olib borgan kurashlari jonli va xolisona oʻz ifodasini topgan. Napoleonning tarixiy qarashlarini  tadqiq etishning qulay tomoni shundaki, undan qolgan yozma merosning koʻpchilik qismi bizgacha yetib kelgan.

JIDU professori, tarix fanlari doktori
Raxmon Farmonov