2016-12-24    12:53    7653

         Odamlar, siz mening hayotim,

         Har biringiz umrim parchasi.

(Erkin Vohidov)

         Erkin Vohidov nomini ko’p eshitganmiz. Darsliklarda uning asarlari bilan tanishganmiz. Xo’sh savol tug’iladi: Erkin Vohidov kim? Biz bu insonni kim sifatida bilamiz? Qaysi xizmatlari uchun u “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni, “O’zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi?

         Avvalo, Erkin Vohidov haqida gap ketganda hech bir o’zbek millati inkor eta olmaydigan qo’shiqqa aylangan yuzlab lirik she’rlari, ijtimoiy hayotga befarq qaray olmagan vatanparvar inson ekanligini isbotlab beruvchi dostonlari, g’azallarini ta’kidlab o’tishimiz mumkin. “Inson o’zing”, “O’zbegim”, “Ishq istilosi”, “Achchiq haqiqat”, “Do’st bilan obod uying” ushbu qo’shiqlarni ko’p bora tinglaganmiz, ammo she’r, g’azallarining muallifi bizga ma’lummi? Siz o’zingizga shu savolni berib ko’rganmisiz?

         Ey sen Erkin, sen bugun yozding dilingdan bir tugun,

         Sen kim-u men daxri dun, biyron o’zing, nodon o’zing.

(Inson qasidasi)

         Qayga borsam boshda do’ppim, g’oz yurarman gerdayib,

         Olam uzra nomi ketgan O’zbekiston - o’zbegim.

(O’zbegim qasidasi)

         Muhabbat sajdagohida sig’indim yor sanamga man,

         Biling dinsizlar osiymas, muhabbatsizlar osiydur.

(Ishq istilosi)

         Do’st bilan obod uying, gar bo’lsa u vayrona ham,

         Do’st qadam qo’ymas esa vayronadur koshona ham.

(Do’st bilan obod uying)

Bu g’azallar bir insonga tegishlidir. Bunday Vatanparvarlik, ishq, insoniylik va do’stlik kabi o’tkir fikrlar faqat Erkin Vohidov qalamiga mansub bo’lishi mumkin.

Erkin Vohidov ijod cho’qqisiga chiqish bilan birga insoniylik cho’qqisini ham zabt etgan inson ekanligini ko’p shoiru, yozuvchilarimiz o’z xotiralarida ko’p bor ta’kidlab o’tishgan.

Erkin Vohidov faqat she’rlar, hajviyalar yozgan shoir sifatida emas, balki, mudrab qolgan aruz vaznini qayta uyg’otgan g’azalnavis sifatida adabiyot gulshanida chuqur iz qoldirgan.

Sobiq ittifoq davrida Aruz vazniga nisbatan eskicha qarash shakllangan bo’lib, bu vazn 20-asr insonining ijtimoiy – ruhiy holatini yoritib berish talablariga javob bera olmaydi degan fikrlar mavjud edi. Ammo buni qarangki, shoir ijodiga nazar solar ekanmiz, bu vaznda yaratilgan lirik g’azallar hech bir jihati bilan an’anaviy she’riyatdan qolishmasligini kuzatishimiz mumkin. Erkin Vohidov g’azallari sodda va ravon, qo’shiqdek o’qiladi. Uni o’qigan inson g’azallar ichida vazn talab qiladigan g’aliz jumlalar yoki umumiste’molda ishlatilmaydigan so’zlarga duch kelmaydi.

         Jonga solgan hamma sozdir, elga so’ylab man kabi,

         Shoiri devonayi ishq nomini olgan yomon.

(Achchiq haqiqat)

         Erkin Vohidov g’azallarida lirik qahramon nafaqat oshiq timsolida balki, ijtimoiy hayotga befarq qaray olmaydigan davr kishisi sifatida ham shakllangan. Jumladan, dunyoning ko’plab mamlakatlarida millatchilik atalmish illatning mavjud ekanligi, inson hayotiga naqadar katta tahdid solayotgani va albatta, bag’rikeng o’zbegimning har bir millat va elatga nisbatan do’stona kayfiyatidan kelib chiqib, XX asrning insoniyat boshiga juda o’gir kunlarni solgan 1 va 2 – jahon urushlaridagi millatchilik g’oyalarini o’zining “Inson qasidasi” g’azalida, shuningdek, insonlar o’rtasidagi millatlar va dinlar o’rtasidagi o’zaro nifoq jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatishini “Ruhlar isyoni” dostonida ta’kidlab o’tadi va bunday holatni  keskin qoralaydi.

         Kim farang-u, kim habash, irq qon talash, iymon talash,

         Shumi insondek yashash armon o’zing, afg’on o’zing.

(Inson qasidasi)

Kalkuttani

Quchdi g’ulu,

Bosh ko’tardi olomon.

Qutlug’ jang, deb turdi hindu,

G’azot, dedi musulmon.

Barahmanlar dovul qoqdi,

Fatvo berdi

Imomlar.

Ko’cha to’lib qonlar oqdi

To’qnashganda imonlar.

(Ruhlar isyoni)

         Bunday fikrlarni ya’ni tinchlikni ulug’lab o’zining “Nido” dostonida quyidagi fikrlarni keltirgan.

         Asrdosh birodar qo’lni ber,

         Kel yerga qilaylik qasamyod.

         Bo’lurmiz gar kelsa har birimizga,

         Tinchlik jangohining fidosi

         Bu senga,

                   Bu menga,

                            Bu bizga

Yigirmanchi asr nidosi.

(Nido) dostoni

Xulosa o’rnida aytish mumkinki, qalbida vataniga bo’lgan muhabbat cheksiz bo’lgan, insonning farovon hayotini har narsadan ustun ko’radigan, shuningdek, muhabbat borasida dengizday qaysar, ummondek cheksiz, tog’lardek ulug’vor bo’lgan insonni o’z umrining qahramoni deyish mumkin. Erkin Vohidov ham shunday insonlardan edi desak yanglishmagan bo’lamiz. Mustaqillikka erishib o’zligini, o’zbegini yaratayotgan xalqimiz esa bunday insonlarni ulug’lashi tabiiy va mantiqiy holdir. Erkin Vohidovning hayot yo’li, yaratgan asarlari va ulardagi yetakchi g’oyalar har bir inson qalbida ezgu fikrlarga yondosh tarzda yashashiga ishonamiz.

 

Bu qasidam senga xalqim oq sut-u, tuz hurmati,

Erkin o’g’lingman qabul et O’zbegim jon O’zbegim.

(Erkin Vohidov)

 

Karimov Bobur

 “Xalqaro huquq” fakulteti III bosqich talabasi